O‘zbekistonda OTM va akademik litseylarda yangi o‘quv yili qay tartibda boshlanishi ma’lum qilindi

AOKA huzuridagi shtabda 25-iyul kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021-o‘quv yili qay tartibda boshlanishi mumkinligi yuzasidan ma’lumot berildi.

“An’anaviy ta’lim shaklida o‘quv yilini boshlash rejalashtirilgan edi. Respublikada epidemiologik vaziyatning barqarorlashish sharoitidan kelib chiqib, masofaviy shaklda boshlashga ham tayyorgarlik ko‘rilmoqda”, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi.

Farhod Babashevning so‘zlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasining yuqori kurs talabalari hamda akademik litseylarning 2-bosqich o‘quvchilariga yangi o‘quv yilini 2020-yilning sentabr oyidan masofaviy tartibda boshlashlari uchun tayyorgarlik ishlari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Davlat test markazi OTMlarga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etgani, kirish imtihonlari 1-sentabrdan keyin o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, sirtqi ta’lim 100 foiz masofaviy shaklga o‘tkazilganligi ma’lum qilingan.

Янгиликлар