Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ota-onasi koronavirus yuqtirib olganini ma’lum qildi
Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika maxsus komissiyasi a’zosi Aziz Abduhakimov 26-iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanali jurnalistiga bergan intervyusida ota-onasi koronavirus yuqtirib olganini ma’lum qildi.
Abduhakimovning ta’kidlashicha, ota-onasining bir marta bozorga borib kelishi koronavirus yuqtirib olish uchun yetarli bo‘lgan. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari so‘nggi ikki hafta ichida kasallik sabab ikki yaqin insonidan ayrilgan.
“Koronavirus infeksiyasi yosh, millat, kasb, jamiyatdagi mavqeni inobatga olmaydi. Hozir kasallikning ko‘pchilikka yuqayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Afsuski, mening ota-onam ham ushbu kasallikka chalindi. Bir marta bozorga borib-kelishning o‘zi ham kasallikka chalinish uchun yetarli bo‘ldi, hozir ular davolanishmoqda.
Yana boshqa ko‘plab misollarni ham keltirishim mumkin. So‘nggi ikki hafta ichida men juda yaqin ikki insonimdan ayrildim. Afsuski, bunday fojia har birimiz bilan sodir bo‘lishi mumkin”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqani haqda xabar berilgandi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 26-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 20 391 nafarni tashkil etgan. Respublika bo‘ylab sog‘ayganlar soni 11 004 kishiga yetgan bo‘lsa, 9273 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.