O‘zbekistonda ayrim transport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi

“G‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: “Tez News”

Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror bilan 2020-yil 1-avgustdan utilizatsiya yig‘imi stavkalari va utilizatsiya yig‘imi to‘lanadigan g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari turlari va toifalarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar yoki O‘zbekiston hududida sotiladigan g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalarini ishlab chiqaradigan jismoniy va yuridik shaxslar utilizatsiya yig‘imi to‘lovchilari hisoblanadi.

Quyidagi transport vositalariga utilizatsiya yig‘imi to‘lanmaydi:

— diplomatik vakolatxonalarga yoki konsullik muassasalariga, xalqaro tashkilotlarga, shuningdek, ularning O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lmagan, diplomatik maqomga ega bo‘lgan xodimlari va ularning oila a’zolariga tegishli transport vositalari;

— ishlab chiqarilganidan 30 va undan ortiq yil o‘tgan L va M1 toifali, shuningdek, ishlab chiqarilganidan 50 va undan ortiq yil o‘tgan, yo‘lovchi va yuklarni tijorat maqsadida tashishga mo‘ljallanmagan, asl dvigateli va kuzovi bilan asl holatida saqlangan yoki asl holati tiklangan M2, M3 va N toifali transport vositalari;

— O‘zbekistonga olib kirilib “vaqtinchalik olib kirish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan transport vositalari.

Avvalroq, O‘zbekistonda yengil avtomobillarni olib kirish uchun aksiz solig‘i bekor qilinishi haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар