O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish strategiyasi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul, dushanba kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori. Shu bois keyingi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va lisenziyalash qoidalari qisqartirildi. Bularning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushgan.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda bu boradagi ishlar yetarli emasligi qayd etilib, galdagi vazifalar muhokama qilingan. Xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ehtiyot bo‘lish, iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik, buning uchun davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatlikda ishlashi muhimligini ta’kidlagan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yangi farmonni imzolagan edi. Unda tibbiyot OTMlarining grant asosida tahsil olgan bitiruvchilari 1 yilgacha vaziyati og‘ir hududlarga jalb qilinishi qayd etilgan.