Suriyadan o‘zbekistonliklarni olib kelish bo‘yicha o‘tkazilgan “Mehr operatsiyasi” haqida badiiy film suratga olinadi

“O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi Rashid Malikovning Suriyadan o‘zbekistonlik ayollar va bolalarni olib kelish bo‘yicha o‘tkazilgan “Mehr operasiyasi”ga bag‘ishlangan “Tutqunlik” kinoloyihasi ssenariysini ko‘rib chiqdi va tasdiqladi. Bu haqida “O‘zbekkino” Milliy agentligining Telegram’dagi kanalida ma’lum qilindi.

Foto: “O‘zbekkino” Milliy agentligi

“2019-yilda amalga oshirilgan murakkab va xatarli operatsiya Tashqi ishlar vazirligi, maxsus xizmatlar va boshqa idoralarning birgalikda amalga oshirgan harakatlari natijasi bo‘lgan edi. Filmda turli vaziyatlar tufayli Suriyaga borib qolgan insonlar taqdiri, oilalar tarixiga asosiy urg‘u beriladi. Filmda voqealar parallel rivojlana boradi. Yosh feldsher yigit, erining orqasidan borishga majbur bo‘lgan ayol, ota-onasi Suriyaga olib ketgan 11 yoshli o‘spirin yigitcha.

Film prodyuseri — Rustam Sa’diyev. Hozirda ushbu rejissyor “Baron-2” filmidagi ishlarini yakunlash arafasida. Ayni paytda “Tutqunlik” filmini suratga olishga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Rejissyorlik ssenariysi va aktyorlar tanlovi boshlangan. Pandemiya va u bilan bog‘liq cheklovlar kino ishlab chiqarish jarayoniga o‘z tuzatishlarini kiritdi, albatta. Filmni butunlay O‘zbekiston hududida suratga olishga qaror qilindi, ya’ni barcha Suriyadagi jang sahnalari mamlakatimizda suratga olinadi. Bu loyiha film ijodiy jamoasi uchun jiddiy tajriba va sinov vazifasini o‘taydi. Film ustida ishlash 2021-yilning birinchi yarmida yakunlanishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar zonasidan o‘z fuqarolarini qutqarishga jazm qilgan davlatlar sanoqli. Bu, albatta, kinoda aks ettirilishi kerak bo‘lgan tariximizdagi ajoyib voqea”, — deya fikr bildirdi rejisser Rashid Malikov.

Avvalroq Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga bir martalik moddiy yordam to‘lanadigan “Mehr” loyihasi joriy qilingani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар