Andijonda 370 gramm gashish moddasini 8000 dollarga sotayotganlar qo‘lga olindi

Andijon viloyati Jalaquduq tumanida 370 gramm gashish moddasini 8000 dollarga sotayotganlar qo‘lga olindi. Bu haqida IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 26-iyul kuni soat 11:00 da IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida 26 yoshli J.T. Jalaquduq tumani Yangisor ko‘chasida bir dona oq rangli sellofan paketga solinib qadoqlangan, og‘irligi 370 gramm gashish giyohvandlik moddasini 8000 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Tadbir davomida J.T.dan kimyoviy ishlov berilgan 8000 dollar pul ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasini o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Foto: Tergov departamenti axborot xizmati

Qayd etilishicha, dastlabki tergov harakatlari davomida 25-iyul kuni soat 22:00 da J.T. 29 yoshli N.T. (ayol) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Andijon viloyati Buloqboshi tumani o‘ramidagi qo‘riqlanishi zaif bo‘lgan hududi orqali qonunga xilof ravishda Qirg‘izistonning O‘sh shahriga o‘tib, u yerdan dastlabki tergov davrida shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan B. ismli shaxsdan yuqoridagi gashish giyohvandlik moddasini 3200 AQSh dollariga sotib olib, 26-iyul kuni soat 05:00 da qonunga xilof ravishda takroran O‘zbekistonga kirib kelganliklari aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha T.J. va N.T.lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda qo‘lga olinganliklari ma’lum qilindi.

Avvalroq Samarqandda uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topilgan edi.

Shuningdek, Quvada tomorqasida 17 tup kannabis yetishtirgan va Payariqda yashash hovlisida 77 tup kannabis o‘simligini yetishtirgan shaxslar qo‘lga olingan edi.