Farg‘onada “Jentra” haydovchisi velosipedchini urib yubordi

Farg‘ona shahrida 28-iyun kuni  “Jentra” haydovchisi velosipedchini urib yuborgan. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona shahar Zargarlik ko‘chasida yashovchi fuqaro M.N. “Jentra” avtomashinasini Yangi asr ko‘chasida haydab ketayotib, qatnov qismini velosipedda kesib o‘tayotgan fuqaro T.Sh.ni urib yuborgan. Oqibatida T.Sh. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namanganda “Nexia” velosipedchini urib yuborgani, velosiped haydovchisi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Undan tashqari, Samarqandda YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani haqda xabar berilgan edi. Shuningdek, Farg‘onada mototsikl haydovchisi velosipedchini urib yuborgan.

Янгиликлар