Buxoroda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobiga 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan
Buxoro shahrida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamiga homiylik mablag‘lari hisobidan 1 milliard 616 million so‘m mablag‘ kelib tushgan. Bu sarmoya kambag‘al oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida shaharda mavjud 10 682 nafar fuqarodan iborat 2785 ta kambag‘al oilaga oziq-ovqat va sanitar-gigiyenik vosita ko‘rinishida tarqatilgan. Bu haqda Buxoro viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shahar hududida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va qaramog‘ida nogiron farzandi bor jami 44 nafar xotin-qizga Respublika kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 14 ta elektropech, 9 ta tikuv mashinasi, 8 ta gaz plitasi, 5 ta kir yuvish mashinasi, 4 ta muzlatgich hamda 4 ta televizor tarqatildi. Bu maishiy texnika vositalari orqali xotin-qizlar uy sharoitida tikuvchilik va qandolatchilik bilan shug‘ullanib, ijtimoiy holatini yaxshilash va oila daromadini oshirishi mumkin.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, qaramog‘ida nogiron farzandi bor jami 83 nafar xotin-qizga Respublika kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam pullari berildi. Buxoro shahar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho‘basi tomonidan 2020-yilning o‘tgan davri mobaynida hududda istiqomat qilayotgan 43 nafar xotin-qizga ehtiyojiga qarab qo‘ltiq hassa, qo‘l hassa, eshitish moslamasi, hamda nogironlik aravachalari kabi reabilitatsiya texnik vositalari yetkazib berilgan.
Avvalroq Buxoroda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 40 ta ehtiyojmand oilaga gaz plitalari tarqatilgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida Olot tumani prokurori 2-sektor hududidagi 10 ta mahallada yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj 40 ta ehtiyojmand oilaga “Artel” rusumli gaz plitalarini tarqatgan.