Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “UzAutomotors”ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasinining tekshirish natijalari bo‘yicha kompaniya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni tegishli moddalari talablarining buzilish alomatlari aniqlanib, “UzAutomotors” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Ma’lum qilinishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hukumat topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida hamda fuqarolardan yozma va ommaviy axborot vositalari orqali kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda “UzAutoMotors” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlar talablariga rioya etilishi, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan vakolat doirasida tekshirish o‘tkazildi.

“Tekshirish natijalari bo‘yicha jamiyat tomonidan “Raqobat to‘g‘risida” qonunining tegishli moddasi talablari buzilishi alomatlari aniqlanib, “UzAutoMotors” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, “UzAutoMotors” AJga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilinganidan so‘ng natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq deputat Rasul Kusherbayev monopol tashkilotlarni tanqid qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlis Senati va Prezidentga hisobdor etib belgilangan.