Tanzila Norboyeva xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha respublika kengashi tuzilishining sababini ma’lum qildi

Prezident farmoni asosida davlat organlari faoliyati natijadorligini parlament darajasida nazorat qilish, vazirlik va idoralar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi. Bu haqida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.

“Yaqinda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkilotining ‘Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi’ bo‘yicha hisoboti chop etildi. Unda mamlakatimiz ilk marotaba aks ettirilib, 152 ta mamlakat orasida 92-o‘rinni, MDHga a’zo davlatlar orasida 5-o‘rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa 2-o‘rinni egalladi.

Iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sish istiqbollarini yaxshilashga qaratilgan bosqichma-bosqich islohotlar 2020-yilda Jahon bankining ‘Biznes yuritish’ indeksida 76-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarilishimizga, ‘Transparency International’ning Korrupsiyani qabul qilish indeksi hamda ‘World Justice Project’ning qonun ustuvorligi indeksida mamlakatimiz o‘rni yaxshilanishiga olib keldi”, — deydi Tanzila Norboyeva.

Shuningdek, Prezident farmoni asosida davlat organlari faoliyati natijadorligini oliy, ya’ni parlament darajasida nazorat qilish belgilanganidan maqsad — bu borada vazirlik va idoralar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish. Shu bois xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi. Oliy Majlis deputatlari va senatorlarining xalq tomonidan saylanishi, sohadagi chora-tadbirlar ijrosi ustidan xalq nazorati o‘rnatilganligini anglatishini ta’kidladi.

“Endilikda vazirlik va idoralar rahbarlari o‘zlari mas’ul bo‘lgan reyting va indekslarda ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan respublika kengashida hisobot berib boradilar. Xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimiz o‘rnining yaxshilanishi ko‘p jihatdan qabul qilayotgan qonunlarimizning joylardagi ijrosiga bog‘liq. Shuning uchun ham kengash tarkibiga mahalliy hokimlar kiritildi. Bu esa qonun talablarining joylardagi ijrosi yuzasidan muammolarni vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi.

Shu orqali bu yo‘nalishdagi ishlarda parlament, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarning o‘zaro hamkorligi ta’minlanadi, sansalorlik holatlarining oldi olinadi, barcha ishlar muvofiqlashtirilgan holda tashkil etiladi”, — deydi Oliy Majlis Senati raisi.

Янгиликлар