Toshkentda koronavirusga chalingan 22 yoshli homilador ayol vafot etdi

Toshkent shahri Uchtepa tumanida 22 yoshli ayol 29-iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqaro O.X. 15–18-iyul kunlari Toshkent shahar 9-son tug‘ruq kompleksi reanimatsiya bo‘limida 2-homiladorlik, 2-tug‘ruq, o‘tkir kamsuvlik, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.

18-iyul kuni bemorda COVID-19 tasdiqlangach, Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Ushbu shifoxonada unga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 48 yoshli bemor vafot etgani haqda xabar berilgandi. Bemorda kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilik asoratlari bilan kechgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 29-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 22 374 (+205) nafarni tashkil etgan. Ayni paytga  qadar 12 668 nafar bemor sog‘aygan, hozirda 9577 bemorga standartlar asosida davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар