Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish yuklandi

Vazirlar Mahkamasining 30-iyul kunidagi qaroriga ko‘ra, bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Anvarovich Musayevga bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish yuklandi. Bu haqda “O‘zA” xabar berdi.

Foto: Davat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Behzod Musayev 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1995-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2004-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

U Davlat soliq xizmati organlaridagi mehnat faoliyatini 2010-yilda boshlagan. 2010—2011-yillarda Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. U 2020-yilning 12-mart kuni Abdusalom Yo‘ldoshev o‘rniga Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning kasalligi ma’lum qilingandi. Ta’kidlanishicha, vazir statsionar sharoitda davolanmoqda. Bemorning ahvoli qoniqarli holatda.

Avvalroq Prezidentining 29-iyulda qabul qilingan qaroriga binoan Ulug‘bek Islomovich Muhammadiyev Davlat xizmatlari agentligi direktori etib tayinlangani haqda xabar berilgandi.