Buxoroda 14 mingga yaqin ehtiyojmand oilaga moddiy yordam tarqatilmoqda (foto)

Hukumat farmoyishiga asosan respublika bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga jami 150 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam tarqatilishi belgilangan edi. Mazkur mablag‘dan Buxoro viloyati uchun 10 milliard so‘m ajratilgan. Viloyat hokimligi ana shu pullarni 29—30-iyul kunlari o‘z egalariga topshirdi, deb xabar berdi Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

Ushbu mablag‘ Buxoro viloyatining shahar va tumanlarida mavjud 13 ta hudud va sektorlar bo‘yicha kambag‘al aholi sonidan kelib chiqib taqsimlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunda viloyatda moddiy yordamga muhtoj 14 mingga yaqin oila, ularda 50 ming nafar kam ta’minlangan aholi mavjud.

Ta’kidlanishicha, jarayonda har bir fuqaroga 200 ming so‘m miqdorida va 11 turdagi zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari ham berilgan. Bundan tashqari, shu toifadagi bitta oilada 4-5 kishi mavjud bo‘lsa, oilaga o‘rtacha hisobda 800 ming so‘m yoki 1 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

G‘ijduvon tumanida 1 ming 985 ta muhtoj-kambag‘al oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularda istiqomat qilayotgan 8 ming 145 nafar aholi uchun umumiy qiymati 745 million 600 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, to‘rtta sektor mutasaddilari ishtirokida jami 3 ming 728 ta oilaga kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

Qorako‘l tumanida istiqomat qilayotgan 2 ming 483 ta oila, 10 ming 458 nafar ehtiyojmand aholiga Qurbon hayiti arafasi kunida umumiy qiymati 957,6 million so‘m mablag‘ manzilli yetkazib berilgan.

“Ikki nafar nogiron qizim bilan birga yashaymiz. O‘zim hech qayerda ishlamayman. Ayniqsa, hozirgi qiyin kunlarda bizga berilgan 600 ming so‘m va oziq-ovqat mahsulotlari ro‘zg‘orimiz kam-ko‘stiga asqatadi”, — deydi “Polvonlar” mahallasida istiqomat qiluvchi O‘rinoy Qurbonova.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

Romitan tumani hokimi Xurshid Tohirov hudud birinchi sektori rahbari sifatida 207 ta xonadonda istiqomat qilayotgan 497 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga ajratilgan mablag‘larini topshirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Romitan tuman prokurori, Ichki ishlar bo‘limi hamda davlat soliq inspeksiyasi rahbari ishtirokida jami 99,4 million so‘m pul mablag‘i o‘z egalariga berilgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati

Avvalroq O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga jami 150 milliard so‘m moddiy yordam tarqatilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Andijon shahridagi 2800 ta ehtiyojmand oilaga arafalik ehsonlar tarqatilgani ma’lum qilingan.

Янгиликлар