Chustdagi eski va samarasiz ekin maydonlari o‘rnida intensiv bog‘-tokzorlar tashkil etishga 33,7 mlrd so‘m ajratildi

Namangan viloyati Chust tumanida 2020-yil kuz mavsumida jami 612 gektar maydonda intensiv usulda bog‘ va tokzorlar tashkil etilishi belgilangan. Jumladan, 312 gektar yerda asosan yong‘oqzor bog‘lar, 300 gektar maydonda esa xo‘raki, kishmishbop va sanoatbop tokzorlar barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur loyihalarning umumiy qiymati 33,7 milliard so‘m bo‘lib, bundan 6,7 milliard so‘mini o‘z mablag‘lari, 27 milliard so‘mini esa bank krediti tashkil etadi. Jumladan, intensiv bog‘lar tashkil etish uchun 4 ta loyihaga 18,7 milliard so‘m, intensiv tokzorlar tashkil etish uchun 16 ta loyihaga 15 milliard so‘m sarf etilishi rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumanida eski va samarasiz ekin maydonlari o‘rnida yangi intensiv bog‘-tokzorlar tashkil etishga bag‘ishlangan taqdimotda ishtirok etdi.

“Aslida eski va samarasiz ekin maydonlari o‘rnida yangi intensiv bog‘-tokzorlar tashkil bo‘yicha joriy yil boshida topshiriq berilgandi. Hozirgacha bu tadbirlar loyihadan nariga o‘tmagan. Vaholanki, kuzgacha ekin maydonlari tayyor bo‘lishi va ishlar allaqachon boshlanishi kerak edi”, — deydi viloyat hokimi.

Avvalroq Chortoqda 187 nafar maktab bitiruvchisiga yer ajratib berilgani haqida xabar berilgandi.