Toshkentda koronavirusga chalingan 57 yoshli erkak vafot etdi

Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan, koronavirusga chalingan 57 yoshli Z.I. (erkak) hamroh kasallikdan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 57 yoshli Z.I. (erkak)da 9-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u 15-iyul kuniga qadar uy sharoitida davolangan. 15-iyul kuni hansirash, nafas siqishi, oyoq-qo‘l sovushi paydo bo‘lgandan so‘ng Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga olib kelingan, bemorning holati og‘irligi inobatga olinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik  o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh xastaliklari bo‘lgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 30-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 23 078 nafarni tashkil etgan. Shulardan 13 432 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 9512 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар