Namangandagi 312 gektar suvsiz yerda 1000 ta issiqxona quriladi

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Namangan tumanining “Sherbuloq” massividagi foydalanilmaydigan 312 gektarli qaqroq yerlarni qayta o‘zlashtirish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ushbu hududda eski nasoslar qayta ta’mirlanib, suv chiqarish orqali har biri 4 sotixli 1000 ta issiqxona tashkil etish ko‘zlanmoqda.

“Kambag‘allikni qisqartirish uchun birinchi navbatda ishsizlikni kamaytirish kerak. Avvalo, aholini zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning iqtisodiy va moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda, ayniqsa, ayollarimizda tadbirkorlikka ishtiyoq uyg‘otish lozim. Biz bugun amalga oshirayotgan islohotlar va yangi loyihalarning barchasi yagona maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, xalqimizni rozi qilish, ishonchini oqlash, og‘irini yengil qilishdan iborat”, — dedi Xayrullo Bozorov.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, issiqxonalar mazkur hududga yaqin Chortoq tumanining Alixon qishlog‘i, Namangan shahri va Namangan tumanidagi kam ta’minlangan oilalarga beriladi.

Shuningdek, viloyat hokimi tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun  muzlatgichli omborxona tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berilgan.

Avvalroq Qo‘rg‘ontepada yolg‘iz yashovchi ayolga 2 sotixli issiqxona qurib berilgani haqida xabar qilingandi.

Янгиликлар