Navoiyda tadbirkorning jami 21 mln so‘mlik 11 ta telefonini o‘g‘irlagan jinoyatchi qo‘lga olindi

Navoiyda savdo do‘koni eshigining qulfi buzilib, do‘kondagi umumiy qiymati 21 million so‘mlik 10 ta “Samsung” va bitta “Redmi” rusumli telefon o‘g‘irlandi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Xatirchi tumani IIBga fuqaro V.U. ariza orqali murojaat etib, noma’lum shaxs “Xatirchi dehqon bozori”da joylashgan, unga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni eshigining qulfini g‘ayriqonuniy ravishda buzib, do‘kondagi umumiy qiymati 21 million so‘mlik o‘n dona “Samsung” va bir dona “Redmi” rusumli uyali telefon apparatlarini o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.

Tuman bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tergov harakatlariga asosan, ushbu qoidabuzarlikni 1986-yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda Navoiyda istiqomat qiladigan N.K. sodir etganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan N.K.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Qo‘qonda 200 metr mis kabellarni o‘zganing bog‘idan o‘g‘irlagan shaxs javobgarlikka tortilgani, Buxoro viloyatida o‘smirlar va voyaga yetmaganlardan iborat jinoiy guruh avtomobil salonidan 2260 dollar va 500 rubl pulni yashirin ravishda o‘g‘irlagani, Farg‘ona shahrida eshigi qulflanmagan xonadonga kirib, televizor, uyali telefon va velosipedni o‘g‘irlab ketgan jinoyatchi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар