O‘zbekistonda 140 ta tumanning ma’muriy chegaralari hozirgacha aniq emasligi ma’lum bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul, seshanba kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, geodeziya, kartografiya va kadastr sohasida qator muammolar to‘planib qolgan. O‘zbekistonda yer xatlovi oxirgi marta 40 yil oldin o‘tkazilgan. 140 ta tuman ma’muriy chegaralari hozirgacha aniq emas. Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi 20 yil oldin qabul qilingan va hozirgi islohotlar talabiga javob bermaydi. Bularning oqibatida sohada talon-torojlik va korrupsiya avj olgan. 66 ta tumanda 150 ming gektar ekin yeri o‘zboshimchalik bilan egallagani uchun oxirgi ikki yilda 122 nafar kadastr xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Avvalroq O‘zbekiston kadastr tizimida “tozalash ishlari” boshlangani ma’lum qilingan edi. Keyinchalik 9 nafar kadastr rahbari ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berildi.

Янгиликлар