O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin choralarining samarasini 15—20 kun ichida baholash mumkinligi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda karantin choralarining nima sababdan kuchaytirilishi va uning samarasini necha kunda baholash xususida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov o‘z fikrlarni bildirdi. Bu haqda Review xabar berdi.

“Cheklov choralarining hozirgi bosqichini obyektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib bo‘lmaydi, chunki hozirgi cheklovlar, asosan, xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, ya’ni odamlarning ommaviy to‘planishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning o‘zida kamroq odam yuqtirsa, o‘ta og‘ir bemorlarni davolash osonroq bo‘ladi”, — deydi Obid Hakimov.

Ta’kidlanishicha, karantin choralarini kuchaytirish samarasini 15—20 kun ichida baholash mumkin bo‘ladi.

“Hammasi biz bu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bog‘liq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun 750 milliard so’m sarflangan.

Avvalroq O‘zbekistonda karantin tufayli faoliyati to‘xtagan korxonalarning 70 foizi sentabrgacha ishga tushishi va karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар