Qozog‘istonda bir kunda qariyb 1,5 ming, Qirg‘izistonda esa 204 kishida koronavirus aniqlandi. Rossiyada infeksiya qurbonlari soni 12,5 mingga yaqinlashdi

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Nur.kz”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 20-iyul mahalliy vaqt bilan soat 12:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 71 838 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 43 401 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1499 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida emasligini aytgani xabar qilingandi.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 20-iyul mahalliy vaqt bilan soat 12:30 holatiga ko’ra, 27 143 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 13 109 nafari sog‘ayib, 1037 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 12 997 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 1,55 foizga yoki 204 kishiga ko‘paygan.

Avvalroq koronavirusga chalinib, iste’foga chiqqan qirg‘izistonlik sobiq deputat mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni tanqid qilgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Asia-plus”

Tojikiston

Tojikistonda 20-iyul mahalliy vaqt bilan soat 12:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6878 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5578 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 57 nafari vafot etgan.

Avvalroq Tojikiston prezidenti yordamga muhtoj fuqarolarga bir martalik yordam puli berish bo‘yicha qarorni imzolagani ma’lum qilingandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, Ashxobod shifoxonalarining farroshlari mahalliy dorixonalar uchun tibbiy niqoblar tikishmoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiya

Rossiyada 20-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 12:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 777 486 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 553 602 nafari sog‘aygan, 12 427 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5940 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар