Rishtonda mototsiklda beton to‘siqqa urilgan haydovchi vafot etdi
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida 9-iyul kuni fuqaro T.Z. mototsiklini boshqarib ketayotib, beton to‘siqqa urilgan. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro T.Z. “Vosxod” rusumli mototsiklini “Oqtomir” mahallasi hududida boshqarib ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi beton to‘siqqa urilgan. Oqibatda fuqaro tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Rishton tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada “Nexia-2” va “Nexia” avtomashinalari to‘qnashuvi oqibatida bir kishi jarohat olgani haqida xabar berilgandi.