Samarqandda kuz-qish mavsumi uchun gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish to‘liq bajarildi

Samarqand viloyati gaz xo‘jaligining 2020/2021-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2020-yil 10-iyulgacha gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlari 100 foizga bajarildi. Bu haqda “Hududgaz Samarqand” MChJ matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 41 ta yuqori va o‘rta bosimli GTQ (gaz taqsimlash qurilma)larini mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 24 tasida ta’mirlash ishlari yakunlangan.

Hududdagi 826,4 km gaz quvurlarini bosim ostida zichlikka sinash va havo bosimi yordamida tozalash rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kungacha 410,4 km gaz tarmoqlarida tekshirish va sinash ishlari amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon 164,4 km yerosti gaz quvurlarining holati maxsus pribor usuli bilan tekshirildi. Shuningdek, qolgan 97,1 km gaz quvurlarini tekshirish ishlarini 2020-yilning 1-sentabrigacha amalga oshirish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

“Pandemiya ishimizga xalal bermasligi kerak, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, iste’molchilarimizga uzluksiz va bexatar tabiiy gaz yetkazib berishdek muhim masala oldimizda turibdi. Hozirgi kunda ‘Rasadxona’, ‘Madadkor’ mahallalarida gaz quvurlari to‘g‘irlanib, bo‘yoqlandi va GTQlar taftish qilindi”, — deydi “Hududgaz Samarqand” MChJ gaz taqsimlash qutilaridan kompleks foydalanishni nazorat qilish bo‘limi birinchi toifali muhandisi Jamol To‘raqulov.

Ma’lumot uchun, viloyat bo‘yicha jami 9124,976 km foydalanishda bo‘lgan gaz quvurlari mavjud bo‘lib, ularning 1089,368 kilometri yuqori bosimli, 2255,255 kilometri o‘rta bosimli va 5780,353 kilometri past bosimli gaz quvurlari hisoblanadi.

Avvalroq Samarqandning ayrim hududlarida tabiiy gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatilishi ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар