Shavkat Mirziyoyev hokimlar va sektor rahbarlarini yana bir bor ogohlantirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi navbatdagi videoselektor yig‘ilishida hokimlar va sektor rahbarlari yana bir bor ogohlantirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, videoselektorda hozirgi davrda eng katta mas’uliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib o‘tildi. Buning uchun ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlar bo‘lishi, ular har kuni har soatda yangilanib borishi kerakligi ta’kidlandi.

“Hokimlar, sektor rahbarlarining, barcha mutasaddi va mas’ullarning miyasi soat mexanizmiday kun-u tun, aniq va bexato ishlashi lozim. Afsuski, biz ko‘pincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Qo‘limizda aniq ma’lumot, asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti. Bu masalada qanday yordam zarur bo‘lsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni to‘liq tiklab olishimiz kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyuldagi videoselektor yig‘ilishida hokimlarga har kuni ijtimoiy tarmoqlarda tushgan savollarga javob berish haqida topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov koronavirus masalasida Andijon ahliga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda kelgan savollarga javob bergani xabar qilindi.

Янгиликлар