Xorazmda 2,7 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Xorazmda injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari 41 ta holatda jami 2,7 milliard so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilib yuborganlar. Bu haqida Bosh prokuratura “TezNews”ga ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Xorazm viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari tomonidan tender savdolarisiz 41 ta holatda kompaniya rahbarining raisligidagi ichki tanlovlar asosida qurilishda ishlatiladigan texnika vositalari, moliyaviy ahvoli, ishchi kuchi va boshqa imkoniyatlari bo‘lmagan pudratchi tashkilotlarga qurilish obyektlarni topshirib, haqiqatda bajarilmagan qurilish va ta’mirlash ishlarini hujjatlarda qo‘shib yozish orqali 2019—2020-yillarda jami 2,7 milliard so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganlar.

Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Xorazmda 6000 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, til biriktirgan maktab va universitet o‘qituvchisi qo‘lga olingan edi.

Янгиликлар