Buxoroda yillik quvvati 500 mln m³ bo‘lgan gazni dastlabki tozalash qurilmasi ishga tushirildi

Buxoroda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “To‘maris” konida yillik quvvati 500,0 mln m³ bo‘lgan gazni dastlabki tozalash qurilmasi qurilish ishlari yakunlandi hamda qurilma ishga tushurildi, deb xabar berdi, viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, gazni dastlabki tozalash qurilmasining ishga tushirilishi natijasida, “To‘maris” konidagi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexanik birikmalar, kondensat va texnik suyuqlikni ajratib olish imkoni yaratilgan.

Bundan tashqari qurilma ishga qo‘shilgandan so‘ng, “To‘maris”-“Savatli”-“Doyaxotin” tabiiy gaz quvurlaridagi gidravlik qarshilik va bosimlar farqi kamayishi hisobiga qo‘shimcha kunlik 150,0 ming m³ tabiiy gaz qazib olishga erishilgan.

Ushbu gazni dastlabki tozalash qurilmasi konlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexanik aralashmalar, suyuqlik va kondensatni ajratib olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, birlamchi tozalangan tabiiy gazni “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasigacha yetkazish maqsadida, qurilgan diametri Ø-325×10 mm, uzunligi 44,0 km bo‘lgan gaz quvurlarida suyuqliklar yig‘ilishining oldini olish, quvurdan tabiiy gazni o‘tkazuvchanlik samaradorligini oshirish uchun ham ishlatiladi, deyiladi rasmiy axborotda.

Ma’lumot uchun, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “To‘maris” koni Buxoro viloyati Romitan tumani hududida joylashgan bo‘lib, 2019-yilda foydalanishga topshirilgan.

Янгиликлар