Jizzaxda koronavirusga chalingan 28 yoshli ayol vafot etdi
Jizzaxda koronavirus infeksiyasi aniqlangan 28 yoshli ayol o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 22-iyun kunidan boshlab fuqaro M.O.ning tana harorati ko‘tarilib, u uy sharoitida davolanib yurgan.
Bemor ahvoli og‘irlashib, 4-iyul kuni tibbiyot xodimlariga murojaat qilganidan so‘ng, undan koronavirusga namuna olingan va infeksiya bilan kasallanganligi tasdiqlangan. Unda ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan.
Bemor davolanish jarayonida mutaxassislar tomonidan bir necha marta konsultasiya qilingan, unga tasdiqlangan standartlar asosida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli u sun’iy nafas berish apparatiga ulangan.
Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion choralarga qaramasdan bemorning holati keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusdan 48-o‘lim qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.