Toshkentda 66 yoshli koronavirusga chalingan erkak vafot etdi. O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 68 taga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan 66 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Toshkent shahr Chilonzor tumanida yashovchi 66 yoshli I.I.da (erkak) 2020-yilning 5-iyulida hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan.

Ammo ahvoli og‘irlashavergach, 8-iyul kuni tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota tuman ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygani sababli reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kechgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, qandli diabet, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi kabi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar mamlakatda 67 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgandi.

Mavzuga doir: “O‘zbekistonda hozir karantin kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingtaga yetishi mumkin” — Obid Hakimov

Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov O‘zbekistonda karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Янгиликлар