Boysunda “Jihodchilar” guruhining a’zolari qo‘lga olindi
DXX va IIV xodimlari tomonidan Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Jihodchilar” oqimining 15 nafar a’zosidan iborat guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” kanalida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, guruhni tashkil etgan shaxs Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ishlashi davomida ekstremistik va terroristik tashkilot tarafdorlari ta’siriga tushib qolgan. Keyinroq Boysun tumanidan borgan vatandoshlarini ham bu yo‘lga da’vat qilgan. 1986-yil hamda 2002-yil oralig‘ida tug‘ilgan guruh a’zolari 2016—2019-yillarda mehnat migranti sifatida Rossiyada ishlab yurganida o‘zaro yig‘inlar o‘tkazgan.
Yig‘inlarda guruhlar a’zolari diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining, jumladan, Abu Saloh, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiyning hijrat va jihod qilish to‘g‘risidagi audio, videoma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, “Jihodchilar” oqimi g‘oyalarini o‘z atrofidagilarga targ‘ib qilib kelishgan. Shuningdek, Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilish masalalari muhokama etilgan. Bundan tashqari, ular Suriyadagi safdoshlariga pul mablag‘larini ham yuborib turgan.
Guruh a’zolarining yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tadbirlari davomida audio va videofayllar saqlangan 30 ta mobil telefon, 55 ta flesh-karta, 54 ta DVD disk, kompyuter, planshet borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma’lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olingan.
Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, 8- iyun kuni Boysun tumanida O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan “Jihodchilar” ekstremistik oqimining bir guruh a’zolari qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.