Braziliyada koronavirus yuqtirish bo‘yicha kunlik rekord yangilandi

Braziliyada 23-iyul kuni 67 860 kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich mamlakatda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq kunlik rekord hisoblanadi.

Foto: “Reuters”

Ta’kidlanishicha, oldingi rekord 19-iyun kuni qayd etilgan. Mamlakatda bir kunda 54 771 koronavirus yuqtirib olgan.

So‘nggi 24 soat ichida eng ko‘p kasallanish holatlari (16 777) Braziliyada pandemiyaning markazi bo‘lgan San-Paulu shtatida qayd etilgan. So‘nggi yetti kun davomida bu yerda 6,6 ming kishi koronavirus bilan kasallangan.

Braziliyada o‘tgan bir sutkada 1284 nafar bemor vafot etdi. Mamlakatda virus qurbonlari soni 82 771 taga yetgan, 1,5 milliondan ortiq bemor sog‘aygan. Ayni paytda 612 605 kishi davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatda har 100 ming kishining 1060 tasida koronavirus aniqlangan va 39 tasi vafot etgan.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 15 348 877 kishi koronavirus bilan kasallangan, 626 190 bemor vafot etgan, 8 729 652 kishi sog‘aygan. Koronavirus yuqtirish holatlari bo‘yicha 4 021 053 holat bilan AQSh birinchi, 2 227 514 bemor bilan Braziliya ikkinchi, 1 238 798 bemor bilan Hindiston uchinchi o‘rinda bormoqda.

Янгиликлар