Buxoroda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobiga 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan

Buxoro shahrida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamiga homiylik mablag‘lari hisobidan 1 milliard 616 million so‘m mablag‘ kelib tushgan. Bu sarmoya kambag‘al oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida shaharda mavjud 10 682 nafar fuqarodan iborat 2785 ta kambag‘al oilaga oziq-ovqat va sanitar-gigiyenik vosita ko‘rinishida tarqatilgan. Bu haqda Buxoro viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati

Shahar hududida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va qaramog‘ida nogiron farzandi bor jami 44 nafar xotin-qizga Respublika kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 14 ta elektropech, 9 ta tikuv mashinasi, 8 ta gaz plitasi, 5 ta kir yuvish mashinasi, 4 ta muzlatgich hamda 4 ta televizor tarqatildi. Bu maishiy texnika vositalari orqali xotin-qizlar uy sharoitida tikuvchilik va qandolatchilik bilan shug‘ullanib, ijtimoiy holatini yaxshilash va oila daromadini oshirishi mumkin.

Foto: Buxoro viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, qaramog‘ida nogiron farzandi bor jami 83 nafar xotin-qizga Respublika kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam pullari berildi. Buxoro shahar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho‘basi tomonidan 2020-yilning o‘tgan davri mobaynida hududda istiqomat qilayotgan 43 nafar xotin-qizga ehtiyojiga qarab qo‘ltiq hassa, qo‘l hassa, eshitish moslamasi, hamda nogironlik aravachalari kabi  reabilitatsiya texnik vositalari yetkazib berilgan.

Foto: Buxoro viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati

Foto: Buxoro viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi matbuot xizmati

Avvalroq Buxoroda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 40 ta ehtiyojmand oilaga gaz plitalari tarqatilgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida Olot tumani prokurori 2-sektor hududidagi 10 ta mahallada yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj 40 ta ehtiyojmand oilaga “Artel” rusumli gaz plitalarini tarqatgan.

Янгиликлар