Chust tumaniga yangi hokim tayinlandi

Bekzod Hamdamov Namangan viloyati Chust tumanining yangi hokimi etib tayinlandi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Ma’lum qilinishicha, Xalq deputatlari Chust tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiya davomida Chust tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Bahodir Oxunov o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumani hokimi lavozimiga Bekzod Hamdamov nomzodini taklif qildi. Deputatlar ushbu nomzodni ma’qulladi, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, Bekzod Hamdamov 1979-yilda Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. 2001-yil Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2008-yilda esa Soliq akademiyasi magistratura bosqichini tamomlagan.

Bekzod Hamdamov shu kunga qadar Mingbuloq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Янгиликлар