Farg‘onada 200 yoshli pista daraxti davlat muhofazasiga olindi
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani Nursuq qishlog‘ida 1200 yil oldin paydo bo‘lgan, maydoni 50 gektardan ortiq “Xo‘ja pista” qabristoni bor. Uning hududida ikki xil meva tugadigan pista daraxti mavjud. Hozirda 200 yoshga yetgan ushbu daraxt Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi muhofazasiga olindi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Aytishlaricha, “Xo‘ja pista” qabristonida ming yoshli manzarali daraxt bo‘lgan. Ammo chaqmoq urishi oqibatida bu daraxt yonib ketgan. So‘ngra tagidan bir nihol o‘sib chiqib, pista meva qila boshlagan. Hozirda bu pista daraxti 200 yoshda bo‘lib, u ikki xil meva tugadi, ya’ni, bir yili pista, bir yili yong‘oq. Sababi yong‘inga qadar ikki avliyoning pista va yong‘oq daraxtidan yasalgan xassalari bir joyda saqlangan.
Pista daraxtning barglari yapaloq, uzunchoqsimon bo‘lib, ko‘proq yong‘oq daraxti bargiga o‘xshab ketadi. Bo‘yi 2—3 metr, butasimon, tomiridan bir nechta shoxchalar xosil qilib, eniga shoxlab ketgan. Daraxtning ildizi 10—15 metrgacha bo‘lib, ko‘proq yomg‘ir suvi hamda yer osti suvlari orqali tabiiy sug‘oriladi. Ushbu daraxt o‘z turi bo‘yicha yagona sanaladi.
Hozirgi kunda pista daraxti Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan muhofaza qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilib, asrab kelinmoqda, deyiladi qo‘mita xabarida.