Farg‘onada Haj ziyoratiga jo‘nataman deb, fuqaroni 32 mln so‘mga chuv tushirgan shaxs qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida Saudiya Arabistoniga haj ziyoratiga jo‘nataman deb, fuqaroni 32 million so‘mga chuv tushirgan shaxs qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘shtepa tumanida 30-iyun kuni fuqaro I.V. IIBga murojaat qilib, 2018-yil yanvar oyida noma’lum shaxs uning ishonchiga kirganini, bir oy muddat ichida Saudiya Arabistoniga Haj safariga jo‘natishda yordam berishini aytib, evaziga 32 million so‘m pulni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgani va uni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborganini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘shtepa tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tadbirlar davomida ushbu jinoyatni D.Q. sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari davom ettirilayotgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Avvalroq Qo‘qonda avtomobil ehtiyot qismlari do‘konidan qiymati 25 million so‘mdan ortiq buyumlarni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingandi.