Gulnora Karimovaning Parijdagi mulki sotuvidan tushgan 10 mln dollar budjetga o‘tkazilgan — Adliya vazirligi
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva chet elga noqonuniy olib chiqilgan aktivlarning O‘zbekistonga qaytarilishi borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni qaytarish bo‘yicha qator davlatlar bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini bildirdi.
«Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgandi.
Shu bilan birga, qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik da’vosi bo‘yicha Parij shahri sudining 2019 yil 29 iyundagi qarori ijrosi doirasida musodara qilingan Parij shahri Marashal Manuri ko‘chasidagi «Triplex» turar joy majmuasida joylashgan ko‘chmas mulkni sotishdan kelib tushgan.
Shuningdek, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Alohida ta’kidlash lozimki, mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi. Jumladan, Fransiyadan qaytarilgan mablag‘lar sarf qilinishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar va ularning amalga oshirilish jarayoni haqida shaffof ma’lumotlar keng jamoatchilikka muntazam va davriy taqdim qilib borilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Moliya vazirligining mutasaddi vakilining chiqishida batafsil to‘xtalib o‘tiladi», dedi Sevara O‘rinboyeva o‘z chiqishida.