Komil Allamjonov koronavirusga chalinib tuzalgani ma’lum bo‘ldi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovda bundan bir necha kun avval koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu haqida Allamjonov o‘zining Telegram kanalidagi videomurojaatida ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Komil Allamjonov koronavirusning yengil shaklini boshidan o‘tkazgan. U o‘zining videomurojaatida kasallikni yengib bo‘lgani va o‘zida paydo bo‘lgan koronavirusga qarshi shifokorlar qanday choralar ko‘rgani haqida hikoya qilgan.
“Bundan bir necha kun oldin menda tana harorati ko‘tarilishi va holsizlik sezildi. Haroratimni o‘lchab ko‘rgan paytim 37 dan yuqori darajani ko‘rsatdi. Mushaklarim, suyaklarim va butun badanimda holsizlikdan turli og‘riqlar paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng test topshirib ko‘rdim va menda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shifokorlarning qo‘ygan tashxisiga asosan menda koronavirusning yengil formasi kechayotgani ma’lum bo‘ldi va men o‘z uyimda o‘z-o‘zimni yakkalagan holatda kasallikni boshimdan o‘tkazdim”, – deydi Allamjonov o‘zining videomurojaatida.
Komil Allamjonov videomurojaatda kasallik vaqtida shifokorlarning tavsiyasiga asosan har ikki soatda tana haroratini o‘lchab turganini va kuniga o‘rtacha 5-6 litr suv ichganini ta’kidlagan. Shuningdek, kasallikning dastlabki ikki kunida unda et uvushishi va qaltirash kuzatilganini, kasallikni boshdan kechirayotgan vaqt hid bilish qobiliyati butunlay yo‘qolganini aytadi.
Allamjonovga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashda unga shifokorlar tomonidan shamollash vaqtida qilinidagan muolajalar tavsiya qilingan. Allamjonov, shuningdek, koronavirusning yengil shakli shamollash kabi kechishini, kim o‘zida alomatlarni sezsa, shifokorga murojaat qilishi zarurligini va o‘zboshimchalik bilan har xil dorilar ichish kerak emasligini ta’kidlagan.
Komil Allamjonov hozirda sog‘lig‘i yaxshi ekanini va kasallikdan xalos bo‘lganini ma’lum qilgan.