Namanganda fuqarolarning 544 mln so‘m kredit pulini talon-toroj qilgan mansabdorlar aniqlandi

Namanganda 544 million so‘mlik kredit pullar bank xodimlari tomonidan talon-toroj qilinganligi aniqlandi. Bu haqda “TezNews”ga Bosh prokuratura xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ATB “Agrobank” To‘raqo‘rg‘on filiali sobiq boshqaruvchisi Sh.B., “M.T.A.” MChJ rahbari  Gʻ.T. va boshqalar 2020-yil yanvar—mart oylarida 19 nafar fuqaroning  500 milliondan ortiq imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, xodimlar fuqarolarning nomiga issiqxona tashkil etish uchun imtiyozli kredit olish tartibida hujjatlarni rasmiylashtirib, ATB “Agrobank” To‘raqo‘rg‘on filialiga taqdim etgan va hujjatlar asosida jami 544 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘ini bank kassasidan naqd pul shaklida olgan.

Holat yuzasidan Sh.B., Gʻ.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada Haj ziyoratiga jo‘nataman deb, fuqaroni 32 million so‘mga chuv tushirgan shaxs qo‘lga olingani va hamkorlikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni aytib, tanishini 32 500 dollarga “uxlatgan” shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 6 oy ichida qariyb 3 trillion so‘m kredit ajratilgani ma’lum qilingandi.

Янгиликлар