O‘zbekistonda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 397 ta tez yordam mashinasi xarid qilingan. Yana 409 ta mashina joylarga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-iyul, payshanba kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 46,5 mingta o‘rin ajratilgani, yana 31 mingta o‘rin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, hozirda O‘zbekistonda COVID-19 yuqtirganlar soni 18 700 nafardan oshgani, vaziyat hamon jiddiy bo‘lib qolayotgani ta’kidlangan.
“Ahvoli og‘ir bemorlar soni ko‘payib bormoqda. Koronavirusga qo‘shimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, oxirgi 10 kunda 4 ta selektor o‘tkazib, hokimlar, vazirlar va boshqa mutasaddi rahbarlarga qo‘shimcha davolash o‘rinlarini tashkil etish, simptomsiz kasallarni uyda tizimli davolash, ularni zarur dori-darmon va oziq-ovqat bilan ta’minlash, tez tibbiy yordam tizimi ishini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edim. Bugun hisobotlarni eshitamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirgan edi.