O‘zbekistonda “Tarlon” yengil zirhli avtomobili ishlab chiqarilmoqda (foto)
Milliy armiyani O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurol va harbiy texnikalar bilan ta’minlash maqsadida “Tarlon” rusumli yengil zirhli avtomobilning (YZA) tajriba namunasi ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, o‘qlar va portlashlardan himoya etuvchi YZA shaxsiy tarkibni tashish, ularni jang maydonida o‘q-dori va portlovchi moddalardan himoya qilish, xavfli hududlarda maxsus vazifalarni bajarish, mobil guruhlar va blokpostlarga olovli madad berish kabi vaziyatlar uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, qo‘shinlarni va avtotransport kolonnalarini himoya qilish, jangovar patrullik va boshqa jangovar vazifalarni bajarish uchun xizmat qiladi.
“Tarlon” (4×4)ning asosiy taktik va texnik vazifasiga ko‘ra, ekipaj sig‘imi 9 kishi (haydovchi bilan)ni, dvigatel quvvati 285 ot kuchini tashkil etadi.
Xabarda aytilishicha, ushbu avtomobil Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi va maxsus uskunalarni ishlab chiqarish korxonalaridan biri “Kran va maxsus texnikalar” MChJ bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi.