Qozog‘istonda bir kunda 1526 kishida koronavirus aniqlandi, Rossiyada infeksiya qurbonlari soni 13,5 mingdan oshdi

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 28-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 84 648 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 54 404 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1526 ta yangi holat qayd etilgan.

Foto: “Tengrinews”

Avvalroq shahar va viloyat hokimlari Qosim-Jo‘mart To‘qayevga koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan hisobot bergani xabar qilingandi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda kasallanganlar uchun o‘rin-joy hamda dori-darmon zaxirasi yetarli.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 28-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 33 844 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 22 296 nafari sog‘ayib, 1329 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda 10 219 mamlakatda kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 571 kishiga ko‘paygan, 28 nafar bemor vafot etgan.

Foto: “Kloop.kg”

Avvalroq Qirg‘izistonda o‘tgan bir sutkada 8 nafar tibbiyot xodimi COVID-19 yuqtirib olgani haqda xabar berilgandi. Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar 1100 nafar shifokorlar koronavirusga chalingan.

Tojikiston

Tojikistonda 28-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 7235 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 6028 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 60 nafari vafot etgan.

Foto: “Asia-plus”

Avvalroq Shveysariya Taraqqiyot va hamkorlik agentligi Tojikistonga koronavirusga qarshi kurash uchun 1,1 million dollar ajratishi ma’lum qilingandi.

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq turkmanistonliklarga havoda chang miqdori ko‘paygani sababli Qurbon hayiti bayramini uyda nishonlash tavsiya qilingandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, Turkmanistonda Qurbon hayiti bayrami 1—2-avgust kunlari nishonlanadi.

Rossiya

Rossiyada 28-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 823 515 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 612 217 nafari sog‘aygan, 13 504 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5395 ta yangi holat aniqlangan.

Foto: “AFP”

Avvalroq ta’lim vaziri Sergey Kravtsov mamlakat hududidagi barcha maktablar sentabr oyidan faoliyatini qayta boshlashi xabar qilingandi. Vazirning ta’kidlashicha, bolalar va o‘qituvchilarning salomatligini himoya qilish eng ustuvor vazifa hisoblanadi.

Янгиликлар