Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga davlat budjetidan har oylik ustama belgilanadi
O‘zbekistonda yangi tashkil etiladigan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlariga amaldagi oylik ish haqlariga qo‘shimcha ravishda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oylik ustamalar belgilanadi.
Prezidentning “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qayd etilishicha,
a) 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
- Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo‘shimcha ravishda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lganda lavozim maoshiga 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo‘lganda 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalari:
- bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari hisobiga bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi;
(Natijada: sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlari davlat budjetidan amalga oshirilishi belgilanmoqda hamda ularning rahbarlari oylik maoshlari amaldagi 3 million so‘mdan 5,5 million so‘mgacha oshiriladi)
- rahbar xodimlarining ish haqi budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;
b) Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga moddiy-texnika bazasini yaxshilash va xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida aholiga pullik asosda (laboratoriya xizmati, sertifikatsiya, ekspertiza va boshqalar) xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;
v) Sanitariya-epidemiologiya xizmati davlat budjetidan tizimga ajratilgan mablag‘lar, ularning sarflanish yo‘nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma’lumotlarni har oy yakuni bo‘yicha jamoatchilikka e’lon qiladi va o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.
Avvalroq O‘zbekistonda tibbiyot OTMlarining grant asosida tahsil olgan bitiruvchilari 1 yilgacha vaziyati og‘ir hududlarga jalb qilinishi haqda xabar berilgandi.