“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida umumiy qancha mablag‘ xayriya qilingani ma’lum bo‘ldi
“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan O‘zbekistonda pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan choralar ro‘yxati e’lon qilindi.
Unga ko‘ra “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida umumiy 583 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga 307 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ xayriya qilingani ma’lum bo‘ldi.
2020-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar miqdori 4 trillion so‘mni tashkil etgani ma‘lum qilingan.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida 2020-yil 9-iyul holatiga ko‘ra aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir ko‘rilgan choralarning umumiy qiymati 62 593 milliard so‘m deya baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 20-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi. Keyinchalik ushbu harakat doirasida Andijon IIB 101 million so‘m xayriya qildi. Uning ortidan Toshkent viloyati IIBB Probatsiya bo‘limi tomonidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ichki ishlar organlari nazoratida bo‘lgan 150 ga yaqin shaxsga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Keyinchalik DXX “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida yordamga muhtoj oilalarga 329 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatgani xabar qilindi.
Shuningdek, milliarder Alisher Usmonov ham “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida Marhamat tumanidagi ehtiyojmand oilalarga 2,5 milliard so‘m ajratdi. Shundan so‘ng Usmonov Namangan viloyatidagi ehtiyojmand oilalarga ham 12,5 milliard so‘m mablag‘ ajratgani xabar qilindi.