Sog‘liqni saqlash vazirligi vafot etgan podpolkovnik oʻlimiga koronavirus sabab boʻlganini tasdiqladi

Sogʻliqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi xodimi, Sergeli tumani IIO FMB podpolkovnigi 12-iyul kuni koronavirusdan vafot etganini rasman tasdiqladi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Vazirlik xabariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi 42 yoshli fuqaro T.A. (erkak) 2020-yilning 29 iyundan 12-iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida o‘tkir pankreatit, o‘t qopi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti, gemoragik pankranekroz, oshqozonosti bezini drenajlash tashxisi bilan davolangan. Shuningdek, bemordan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan.

Unga o‘tkir total yog‘li pankreonekroz, o‘tkir xoletsistit, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, ikki tomonlama pnevmoniyadan vafot etgan.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12-iyul kuni vafot etganini, uning oʻlimiga koronavirusdan kasallangani sabab boʻlganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13-va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan edi.

Янгиликлар