SSVda koronavirusni davolash jarayonlariga mas’ul vazirning birinchi o‘rinbosari tayinlandi

Abduhakim Mo‘minovich Hojiboyev sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyev koronavirusni davolash bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarga mas’ul bo‘lishi va sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallashini ma’lum qilgan.

Abdulhakim Hojiboyev ushbu lavozimga tayinlangunga qadar sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Ma’lumot uchun, u 2003—2007-yillarda va 2016—2017-yillarda ham sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2017-yil aprelda esa sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimiga o‘tkazilgan va Bahodir Yusupaliyev sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida Bahodir Yusupaliyevga vazirlik huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori vazifasini bajarish ham yuklatilgandi.

Avvalroq videoselektorda Prezident Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirusga qarshi kurashish borasidagi ishlarni tanqid qildi hamda mas’ullarni ogohlantirdi. Xususan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga hayfsan berilgani haqida ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар