Buxoroda fuqaro Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududda noqonuniy qurilish ishlarini olib borgani uchun jarimaga tortildi

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-iyundagi “YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 435-sonli qarori qabul qilingan. Buxoroda fuqaro ushbu qarorda keltirilgan qoidalarni buzganligi ma’lum qilindi.

Mazkur qarorda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tegishli hududlar (obyektlar) alohida muhofaza qilinadigan hududlar sifatida e’tirof etiladi hamda ularda rejalashtirilgan barcha turdagi qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari YUNESKOning Umumjahon meros markazi va Madaniyat vazirligi huzuridagi “Ilmiy ekspert kengashi” bilan belgilangan tartibda avvaldan (qurilish ishlarini boshlamagan) kelishilgan holda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hudud mavjud bo‘lib, mazkur hudud “Buxoro tarixiy markazi”ning muhofaza hududiga kiritilgan. Hududda fuqaro Sh.Jalilov belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurilishni olib borgan. Oqibatda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzgan.

Ma’lum qilinishicha, iyun oyida Buxoro shahar ma’muriy sudi tomonidan o‘tkazilgan ochiq sud majlisida fuqaro Sh.Jalilov Ma’muriy javobgarlik kodeksining 64-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Fuqaroga Ma’muriy javobgarlik kodeksining 33-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Jarima davlat daromadiga undirilgan.

Avvalroq Buxoro viloyatida sayyohlik mavsumi boshlangani xabar qilingan edi.

Янгиликлар