Namanganda ishga tushirilayotgan elektropoyezdning narxi 5000 so‘mdan boshlanadi

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ

Vodiy temir yo‘llarini to‘liq elektrlashtirish orqali yuk va yo‘lovchi tashish sifatini oshirish, tezyurar poyezdlar qatnovini shakllantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda, deb xabar beradi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 100 kilometrlik “Namangan – Andijon” yo‘nalishidagi amalga oshirilayotgan elektrlashtirish ishlarining qariyb 70 foizidan ortig‘i bajarib bo‘lindi. Yaqin vaqt davomida ushbu yo‘nalishlar ham elektrlashtirilishi natijasida vodiy hududida ham to‘liq elektropoyezdlar harakatlanishiga erishiladi. – Bu esa Namangan temir yo‘l vokzali orqali O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasining bir qator shaharlariga poyezdlarda borib kelish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

Shuningdek, rejaga ko‘ra, yaqin orada ushbu vokzal orqali “Namangan – Qo‘qon – Namangan”, “Toshkent – Pop – Namangan – Andijon”, “Andijon – Namangan – Pop – Moskva”, “Andijon – Namangan – Pop – Ufa” yo‘nalishida yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Vokzal hududida joylashgan chiptaxona “Ekspress-3” avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi uskunalari bilan jihozlangan. U kecha-yu kunduz 2 ming nafar yo‘lovchiga chiptalarni sotish va rasmiylashtirishga mo‘ljallangan. Namangan temir yo‘l vokzalini ishga tushishi orqali o‘ttizga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishiga erishiladi.

Endilikda fuqarolar “Qo‘qon – Namangan – Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida arzon, sifatli va tez harakatlanuvchi halqa yo‘lovchi elektropoyezdlaridan ham foydalanishi kutilyapdi. Chunki qiymati 45 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha 2021-yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan. Umumiy uzunligi 331 kilometr bo‘lgan halqa yo‘lida ekspress va oddiy elektropoyezdlar harakatlanadi. Ekspress-elektropoyezd oxirgi manzilga 5,5 soatda yetib borsa, oddiysi unga qaraganda 2 soatga kechroq boradi. Chunki tezyurar elektropoyezd 5 ta bekatda to‘xtasa, oddiysi 35 ta bekatga to‘xtab o‘tishi mo‘ljallanmoqda.

Elektropoyezdning narxi 5000 so‘mdan 45000 so‘mgacha qilib belgilangan.  Tezyurar elektropoyezd kuniga 2100 nafar yo‘lovchiga xizmat qilsa, oddiysi esa 6500 ga yaqin yo‘lovchi tashishi mumkin. Elektropoyezd zamonaviy jihozlangan bo‘lib, unda USB-porti orqali mobil qurilmalarni quvvatlagich va havoni mo‘tadillashtirib beruvchi uskunalar o‘rnatiladi, shuningdek, poyezd harakatlanayotgan vaqtida Internet хizmatidan foydalanish uchun ham sharoitlar yaratiladi.

Ma’lumot uchun, Namangan vokzali binosi 1972-yilda qurilgan bo‘lib, 2002-yilda qayta rekonstruksiya qilingan. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-iyundagi “Namangan temir yo‘l vokzalini qayta rekonstruksiya qilish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, qayta ta’mirlash ishlariga kirishildi.

Янгиликлар