To‘yxonalar negizida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi markazlar tashkil etish taklif qilindi

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 30-may kungi qarori bilan faqat “yashil” toifaga kiruvchi hududlarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarini o‘tkazishga ruxsat berilgan edi.

Keyinroq bu imkoniyat “qizil” va “sariq” hududlarga ham taqdim etildi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning yarmidan ko‘pi 30 kishilik to‘yni yoqlab ovoz bergan, qolganlari esa 100 va 200 kishilik to‘yni yoqlagan, birorta fuqaro dabdabali to‘y o‘tkazishni yoqlamagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Vafoyevning yozishicha, hozirda to‘ylarga bo‘lgan munosabatning o‘zgargani, ularning ixcham o‘tkazilayotgani – quvonarli holat.

“Eng xavflisi, ushbu (to‘y) industriyada davlat organlarida ishlab turib, korrupsion pullari evaziga o‘z biznesini tashkil qilgan kimsalar ham yo‘q emas. Tabiiyki, to‘y-hashamlar ixchamlashishi, kamxarj o‘tkazilishi ularning “manfaat”lariga tamomila zid keladi. Shuning uchun ular zimdan faol qarshilik ko‘rsatishni boshlaydi”, – deydi deputat.

Ta’kidlanishicha, “to‘y-hashamlar industriyasi”da band bo‘lgan tadbirkorlarga o‘z faoliyatini boshqa yo‘nalishda boshlashi uchun imkoniyat yaratib berish kerak.

Buning uchun hukumat tomonidan ushbu yo‘nalishda band bo‘lgan tadbirkorlar to‘g‘risida aniq ma’lumot to‘planishi hamda ularning faoliyatini fuqarolar va jamiyat uchun foyda keltiradigan faoliyat turiga o‘zgartirishga yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi lozim.

“Misol uchun, ulkan to‘yxonalar negizida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi markazlar, pedagog kadrlarni kasbga qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, yoshlarning madaniy hordiq chiqarish maskanlari, fuqarolar va jamiyat uchun haqiqatda foydali bo‘lgan ijtimoiy-madaniy muassasalarni yuzaga keltirish kerak”, – deb yozadi Ulug‘bek Vafoyev.

Янгиликлар