Vobkentdagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarining holati qoniqarli emasligi ma’lum bo‘ldi

Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarining holati qoniqarli emasligi ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Ma’lum qilinishicha, “Niyozxo‘ja” MFYdagi 31, “Shanba” MFYdagi 38, “Ko‘lodina” MFYdagi 12-sonli, qolaversa, 33 va 37-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’mirlash, jihozlash ishlari yakunlanmagan. Ularning qay qaysisidadir binolari eskirgan, bir necha yildirki, devorlari suvoq ko‘rmagan bo‘lsa, boshqalarida yetarli qulaylik, shinamlik borasida, inshootni qish mavsumida isitish, hatto, sanitariya tarmoqlarini shay holga keltirish masalasida nuqson va kamchiliklari yetarlicha. Xususan, Ko‘lodinadagi bog‘chani har yili bir ta’mirdan chiqarish bilan ish bitmagan, chunki, bino-inshoot butunlay eskirgan va “yaroqlilik muddati” o‘tib ketgan. Qolaversa, aksariyat bog‘chalarda mavjud ekin yerlaridan samarali foydalanish ahvoli nihoyatda qoniqarsiz ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

“Obod qishloq” davlat dasturiga kiritilgan 32-sonli MTT faoliyati o‘tgan yildan buyon to‘xtatib qo‘yilgan. Sababi ikki qavatli, 90 nafar bolani qabul qilishi lozim bo‘lgan muassasada muammolar talaygina. Bino ta’mirtalab, qishki mavsumda qo‘lbola isitish pechlaridan foydalaniladi. Tabiiy gaz yo‘q. Kanalizatsiya, ichki hojatxona mavjud emas. Inventarlar ta’minotida yetishmovchiliklar ko‘p, deyiladi rasmiy axborotda.

Ma’lumot uchun, ayni paytda tumanda mavjud 27 ta davlat, 49 ta oilaviy, shuningdek, davlat xususiy sherikligidagi 2 ta maktabgacha ta’lim muassasi mavjud.

Янгиликлар