Fanlar akademiyasi olimlari koronavirus RNKsini ajratish diagnostik toʼplamini ishlab chiqdi

Foto: BBC

JSST tomonidan koronavirusni diagnostika qilish uchun PSR usuli standart sifatida taklif qilingan. PSR diagnostika tahlilini amalga oshirish uchun dastlab koronavirus RNK sini ajratib olish talab etiladi.

O‘zFA xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilk bor koronavirus aniqlangandan so‘ng, O‘zR FА O‘simlik moddalari kimyosi instituti xodimlari ham virus RNK sini ajratishga mo‘ljallangan diagnostik to‘plam ishlab chiqish ustida tadqiqotlarini boshladi va ushbu to‘plamlar ishlab chiqildi.

Foto: O‘zbekiston fanlar akademiyasi

Ushbu diagnostik to‘plamning klinik sinovlari SSV laboratoriyalarida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining maxsus laboratoriyasida o‘tkazildi va ijobiy natijalarni ko‘rsatdi. Koronavirus RNK sini ajratishga mo‘ljallab ishlab chiqilgan ushbu to‘plam dunyoda ishlab chiqariladigan analoglari bilan taqqoslanganda sezgirligi, o‘ziga xosligi, kam vaqt talab qilishi, qulayligi va arzonligi bilan ustun.

Ushbu to‘plam SSV huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi” DUK tashkilotida “ENKOR” nomi bilan ro‘yxatdan o5tkazildi va seriyali ishlab chiqarish uchun ruxsat berildi.
Ishlab chiqilgan diagnostik to‘plamlar O‘zbekistonga xorijdan keltiriladigan narxdagi to‘plamlarning o‘rnini bosishga imkoniyat yaratadi.

Institut yuqorida keltirilgan to‘plamlarga SSV tomonidan talab bo‘lsa, kerakli miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Ma’lumot uchun, ushbu to‘plam yordamida gepatit V, gepatit C, odam immun tanqisligi virusi RNK/DNKsini ajratish mumkin.

Янгиликлар