Namanganda shovqin chiqaruvchi yo‘l chiziqlarini chizish boshlandi

Foto: IIV Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi

Namangan viloyatidagi avtomobil yo‘llarida shovqin chiqaruvchi chiziqlarni chizish ishlari boshlandi, deb xabar beradi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida bo‘lgani kabi Namangan viloyati yo‘llarida ham haydovchilarni hushyorlikka chaqiradigan shovqin chiqaruvchi termoplast yo‘l chiziqlarini chizish yo‘lga qo‘yilgan.

“Yo‘lda harakatlanib kelayotgan haydovchilar ushbu chiziqlar ustidan o‘tgan vaqtida shovqin yuzaga keladi va charchagan haydovchi shovqinni eshitib yetarlicha sergaklanadi”, – deyiladi xabarda.

Bu chiziqlar faqatgina yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida chizilgan bo‘lib, sinov tariqasida qo‘llanilmoqda.

Oldinroq Namanganda “Damas” va yuk mashinasi o‘rtasida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.