“O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar jasadi kuydirilmaydi” – Botir Qurbonov

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinib, vafot etganlarning jasadi kuydirilmaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilgan.

Botir Qurbonov shu masaladagi savolga javob berib, koronavirusdan vafot etgan bemorlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining mutaxassislari ishtirokida dafn etilishini aytib o‘tgan.

“COVID-19 koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan va ushbu kasallikdan vafot etgan bemorlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining mutaxassislari ishtirokida qat’iy sanitariya-gigiyena talablari asosida hamda zararsizlantirish olib borilib, Islom dini urf-odatlari bo‘yicha dafn etilmoqda”,— deydi Qurbonov.

Bundan tashqari, Botir Qurbonov xorijda boshqa kasallikdan vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingach, qanday dafn etilishiga ham aniqlik kiritgan.

“Ushbu holatda haqiqatda COVID-19 mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etilsa, dafn marosimlari odatdagi tartibda amalga oshirilishi mumkin”— deydi agentlik mas’ul xodimi.

O‘zbekistonda 3-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 9199 nafarga yetdi